Ekish uchun tavsiya etilgan navlar: Blitssard, Goudvill, Mariya, Goretti, Oskar va h.k.
Ko‘chat tayyorlash. Gladiolus guli asosan piyozdan ko‘payadi. Piyoz gulning bolalash davri o‘tgandan keyin kovlab olinadi. Bu payt avgust oyining oxiri–sentabrning boshlariga to‘g‘ri keladi. Kovlab olingan piyoz quritilib, yirik va sog‘lom piyozlar ajratilib olinadi. Keyin to‘rxaltaga solib, osib qo‘yiladi. Qurigan piyoz aprel oylarida ochiq yerga qadab chiqiladi. Qadab chiqilgan piyoz 10–15 kunda unib chiqadi va iyun oylariga borib gullay boshlaydi. Avgust oyining oxirida gladiolus piyozlari yana kovlab olinadi.
Ekishga yer tayyorlash. Gladioluslar o‘g‘itlangan qumoq tuproqli, serquyosh, shamollardan himoya qilingan yerda yaxshi o‘sadi. O‘simlikni o‘tqazish uchun suv to‘xtamaydigan, qumoq va qumloq tuproqli yer tanlanadi. Maydon kuzda 25–30 sm chuqurlikda haydaladi. Ko‘klamda yerni xaskashda tekislab, qatqalog‘i yo‘qotiladi. Gladiolus piyozlari ekilishi oldidan uning quruq po‘sti olib tashlanadi, so‘ngra formalin (1:800) eritmasi bilan yuqumsizlantiriladi. Shundan keyin uni sovuq suvda yuvib, quritiladi. Bu piyozchalar kurakchada ochilgan uyachalarga yoki egatchaga ekiladi. Buning uchun uyachalarga eng avvalo ozroq qum solinadi. Uyaga va egatlarga qo‘yilgan piyozchalar seroziq tuproq bilan ko‘miladi.
Ekish. Gladiolus piyozining kattaligiga qarab gulzorga 25×25 yoki 30×30 sm oraliq bilan, 1 m2 ga yirik piyozdan 25–30 ta, maydasidan 60 tagacha, nush (bolacha) laridan 120 tagacha ekiladi. Katta maydonlarga ekishda qator orasi 50–70 sm, tup orasi 25–30 sm etib tanlanadi. Gulning piyozi, avval arig‘i ochilib, pushta qismiga, ya’ni ustiga qadab chiqiladi. Qadab chiqish oralig‘i 5 sm. dan 10 sm. gacha bo‘ladi. Piyoz 10–12 sm chuqurlikda ko‘miladi.
Parvarishlash. Yozda kamida besh-olti marta o‘toq qilinadi va tuproq yumshatiladi. Gladioluslarning yaxshi o‘sishi uchun tuproq hamisha nam saqlanadi. Piyoz qadalgandan so‘ng zaxlaguncha sug‘riladi. Navbatdagi sug‘orishlar tagidan nam qochishiga qarab o‘tkaziladi. Yoz kunlarida 15–20 kunda bir marotaba suv quyiladi. Piyozni kovlab olishga 20–25 kun qolganda suv to‘xtatiladi. O‘simliklarni go‘ng sharbati (shaltoq) va mineral o‘g‘it eritmasi bilan oziqlantirish ayniqsa foydalidir. Shaltoqni tayyorlash uchun bir chelak go‘ng va to‘rt chelak suv bochkaga solinib yaxshilab aralashtiriladi. 6–8 kundan keyin shaltoq bilan o‘simlikni sug‘orish mumkin. Sug‘orish oldidan har chelak suyultirilgan shaltoqda yana 4–5 chelak suv qo‘shiladi. Suyuq shaltoq o‘simliklarga kechqurun, ho‘l yerga solinadi.
Iyun-iyulda o‘simliklar, yuqorida ko‘rsatilgandek, azotli o‘g‘it yoki go‘ng shaltog‘i bilan yoki 10 l suvga 15–20 g hisobidan selitra yoki sulfat ammoniy qo‘shib tayyorlangan eritma bilan sug‘oriladi. Yozning o‘rtasidan boshlab o‘simliklar superfosfat eritmasi bilan sug‘oriladi. Bu eritma bir chelak suvga 30–40 g superfosfat qo‘shib tayyorlanadi.
Kasallik va zararkunandalari. Gladiolus asosan kul rang chirish, quruq chirish, fuzarioz yoki bakterioz kasalliklariga chalinishi mumkin.
Bu kasalliklarga qarshi ularning oldini olish choralari ko‘riladi. O‘tqazish oldidan piyozlar formalin bilan dorilanadi. Buning uchun 1 l suvga 3–4 g 40 foizli formalin solinadi. Eritma yog‘och bochkada tayyorlanadi. Piyozlar savatga solinib, 15 minut eritmaga botirib olinadi. So‘ngra bir joyga to‘plab usti sholcha yoki brezent bilan yopiladi, ikki soatdan so‘ng olinib darhol ekiladi. Kasallangan piyozlar ekilmaydi. Gladiolus gulini birinchi navbatda hasharotlar va zang kasalligidan himoya qilish kerak.